Chevrolet Cobalt’ga 2027-yilgi VIN raqamlari berila boshlandi
UzAuto Motors konveyeridan 2027 model yiliga mansub Cobalt chiqa boshladi. Rasmiylashtirishda texpasportda 2026-yil koʻrsatiladi.
UzAuto Motors konveyeridan 2027 model yiliga mansub Cobalt avtomobillari chiqa boshladi.
Kuzovi 2027-yilgi boʻlsa ham, avtomobilni rasmiylashtirishda texpasportda 2026-yil koʻrsatiladi.

UzAuto Motors har yil oxirida keyingi model yiliga mansub avtomobillarni ishlab chiqaradi. Bu jahon avtomobil ishlab chiqaruvchilari uchun ham odatiy amaliyot.
VIN raqamidagi model yili avtomobil ishlab chiqarilgan kalendar yildan farq qilishi mumkin. Model yilining almashishi Cobalt dvigateli yoki jihozlari yangilanganini oʻz-oʻzidan anglatmaydi.
Avtomobil VIN raqami nima?
VIN (Vehicle Identification Number) avtomobilning 17 ta belgidan iborat identifikatsiya raqamidir. Ishlab chiqaruvchi bu raqamni bir modeldagi avtomobillarni bir-biridan ajratish uchun belgilaydi.
VIN kuzovga va zavod yorligʻiga tushiriladi, hujjatlarda ham koʻrsatiladi. Avtomobilni roʻyxatdan oʻtkazishda uning kuzovidagi raqam hujjatlar bilan solishtiriladi.
Chevrolet Cobalt VIN raqami qanday oʻqiladi?
Dastlabki uchta belgi ishlab chiqaruvchini bildiradi. Keyingi oltita belgi avtomobilni tavsiflaydi. Ularda qaysi xususiyatlar, masalan model, kuzov turi yoki dvigatel haqidagi maʼlumotlar kodlanishini ishlab chiqaruvchi belgilaydi.
Chevrolet Cobalt VIN raqamining oʻninchi belgisi model yilini, oʻn birinchi belgisi zavodni bildiradi. Oxirgi oltita belgi avtomobilning seriya raqamini tashkil qiladi.
Suratdagi Cobalt LTZ VIN raqamining oʻninchi oʻrnida V harfi turibdi. U 2027 model yilini bildiradi. 2026 model yili uchun T harfi ishlatiladi. Zavod yorligʻidagi Model Year qatorida ham model yili yozilgan.
UzAuto Motors VIN raqamini qachon beradi?
VIN avtomobil ishlab chiqarilishi boshlanishidan oldin belgilanadi va shartnomaga biriktiriladi. Shundan keyin kuzovni payvandlash va avtomobilni yigʻish boshlanadi.
Tayyor avtomobil logistika maydoniga, soʻng avtosalonga joʻnatiladi. Xaridor VIN orqali avtomobil uning shartnomasiga mosligini va qabul qilishda kuzov raqamini tekshirishi mumkin.





