Kia Sonet Prime foizsiz muddatli toʻlov va avtokredit
Kia Sonet Prime’ni 2 yilgacha foizsiz muddatli toʻlovga yoki 5 yilgacha kreditga olish mumkin. Sonetning boshqa versiyalari esa 5 yilga foizsiz sotiladi.

Статья доступна на русском языке.
Kia kompaniyasi Sonet Prime’ni 2 yilgacha foizsiz muddatli toʻlovga va 5 yilgacha kreditga sotmoqda.
Prime chegirmasiz, prays boʻyicha 269 900 000 soʻmga sotiladi. Eng kam boshlangʻich toʻlov 25%, bunda foizsiz muddat 12 oy. 2 yilga foizsiz muddatli toʻlov kamida 60% boshlangʻich toʻlov bilan beriladi: oldindan 161 940 000 soʻm, keyin oyiga 4 498 333 soʻmdan.
5 yillik kreditda stavka boshlangʻich toʻlovga qarab yillik 8%dan 14,5%gacha.
Sonet Prime 28-sentabrdan sotilmoqda, bu Sonetning eng qimmat versiyasi. Boshqa versiyalari 60% boshlangʻich toʻlov bilan 5 yilga foizsiz sotiladi: 249 900 000 soʻmlik Sonet Prestige uchun oylik toʻlov 1 666 000 soʻm.
Kia Sonet Prime rassrochka: foizsiz boʻlib toʻlash shartlari
Foizsiz muddat boshlangʻich toʻlovga bogʻliq: 25%, 30% va 40% toʻlansa 12 oy, 50% toʻlansa 18 oy, 60% va 70% toʻlansa 2 yil.
Foizsiz variantlarda eng kichik oylik toʻlov 70% boshlangʻich toʻlovda boʻladi: 2 yil davomida oyiga 3 373 750 soʻm.
Muddatli toʻlovni Kia’ning hamkor banklari rasmiylashtiradi, toʻlov tugaguncha mashina bank garovida turadi. Sugʻurta majburiy: har yili muddatli toʻlov summasining taxminan 1 foizi toʻlanadi.
Kia Sonet Prime toʻlov grafigi va toʻlov jadvali
Jadvalda 269 900 000 soʻmlik Kia Sonet Prime uchun barcha muddatlardagi oylik toʻlovlar berilgan, har bir toʻlov ostida uning stavkasi yozilgan. Har bir boshlangʻich toʻlovdagi eng uzun foizsiz muddat yashil rangda belgilangan.
| Boshlangʻich toʻlov | 12 oy | 18 oy | 24 oy | 36 oy | 48 oy | 60 oy |
|---|---|---|---|---|---|---|
| 25% 67 475 000 | 16 868 750 0% | 11 833 381 6,5% | 9 340 887 10% | 6 675 168 11,5% | 5 480 925 13,5% | 4 762 712 14,5% |
| 30% 80 970 000 | 15 744 167 0% | 11 001 721 6% | 8 631 218 9% | 6 185 326 11% | 5 068 519 13% | 4 396 071 14% |
| 40% 107 960 000 | 13 495 000 0% | 9 211 849 3% | 7 250 471 7% | 5 187 416 9,5% | 4 264 501 12% | 3 684 633 13% |
| 50% 134 950 000 | 11 245 833 0% | 7 497 222 0% | 5 860 193 4% | 4 166 864 7% | 3 422 681 10% | 2 934 140 11% |
| 60% 161 940 000 | 8 996 667 0% | 5 997 778 0% | 4 498 333 0% | 3 235 658 5% | 2 585 237 7% | 2 189 040 8% |
| 70% 188 930 000 | 6 747 500 0% | 4 498 333 0% | 3 373 750 0% | 2 351 139 2,9% | 1 935 173 6,9% | 1 700 521 9,5% |
Kia Sonet Prime kreditga olish: 5 yilgacha avtokredit stavkalari
5 yillik kreditda eng past stavka yillik 8%, u 60% boshlangʻich toʻlovda beriladi. Eng kam 25% boshlangʻich toʻlovda stavka 14,5%.
25% boshlangʻich toʻlov bilan 5 yillik kreditda oylik toʻlov 4 762 712 soʻm, butun muddat davomida foizlar uchun ortiqcha toʻlov 83 337 720 soʻm.
70% boshlangʻich toʻlovda 5 yillik stavka yillik 9,5%, bu 60%dagidan bir yarim foiz punktga yuqori. Ammo shu boshlangʻich toʻlov bilan 3 yillik stavka 2,9%.
Boshlangʻich toʻlov 25%dan 40%gacha boʻlsa, 18 va 24 oyga, 50% boʻlsa 24 oyga foizsiz muddatli toʻlov yoʻq, faqat kredit bor: yillik 3%dan 10%gacha.
Kia Sonet Prime qanday mashina?
Prime bu yangi tashqi koʻrinish, boshqacha salon va elektron yordamchilar olgan Sonet. U Jizzaxdagi ADM zavodida yigʻiladi va odatdagi Sonet bilan bir vaqtda sotiladi. Narxi Sonetning eng toʻliq jihozlangan Prestige versiyasidan 20 mln soʻmga qimmat.
Prime’ni faralaridan tanib olish oson: ularning ustida kunduzgi yurish chiroqlarining ingichka chizigʻi bor, orqa chiroqlar esa yukxona eshigi boʻylab yorugʻ chiziq bilan tutashgan. Disklari qora, almaz protochkali.
Kia Sonet Prime opsiyalari
Salonda strelkali asboblar oʻrniga 10,25 dyuymli raqamli panel bor, multimedia ekrani ham 8 dyuymdan 10,25 dyuymgacha kattalashgan. CarPlay va Android Auto bor.
Prestige’dagi qulayliklarning hammasi Prime’da ham bor: lyuk, old oʻrindiqlar ventilyatsiyasi, 7 dinamikli Bose audiotizimi, simsiz zaryadlash, klimat-kontrol, orqa kamera, old va orqa parktroniklar.
Prime’ning oddiy Sonetdan asosiy farqi elektron yordamchilarda. Oldindagi mashina, piyoda yoki velosipedchiga urilib ketish xavfi tugʻilsa, Prime oʻzi tormoz beradi. Haydovchi burilish chirogʻini yoqmasdan oʻz polosasidan chiqib ketsa, Prime mashinani polosaga qaytaradi.
Prime’da orqa tormozlar diskli, Prestige’da barabanli. Mashina ravonroq yurishi uchun osma qayta sozlangan, shovqin izolyatsiyasi kuchaytirilgan. Prime soatiga 100 km tezlikka 10,3 soniyada, Prestige 11 soniyada chiqadi.
Dvigatel oʻzgarmagan: 1,5 litrli, 115 ot kuchli turbinasiz motor va variator, kafolat 5 yil yoki 150 000 km. Yukxona Prestige’nikidan 7 litrga kichik: 385 litr.
Ikki versiyaning farqlari haqida «Kia Sonet Prestige va Kia Sonet Prime farqi» maqolasida batafsil yozganmiz.





