Avtokredit Narxlari 2026Chevrolet Cobalt 2026 NarxiChevrolet Cobalt и Ravon R4UzAuto MotorsUzAuto Motors (GM Uzbekistan) NarxlariUzAutoMotors va GM Uzbekistan Yangiliklari

Chegirma Cobalt savdosini ikki baravar oshirdi

Cobalt narxi 2026: chegirma tugadi, kredit qoldi. Avgustda UzAuto Motors 12 245 ta Chevrolet Cobalt sotdi, iyulda bu raqam 5 864 ta edi. Savdoni ikki baravardan ko'proq oshirgani: Cobalt chegirmasi, foizsiz muddatli to'lov va imtiyozli avtokredit. Chegirma 10 sentyabrda tugadi, 2026 yilgi Cobalt narxi 156,1 mln so'mga qaytdi, muddatli to'lov bilan imtiyozli kredit esa qoldi.

Реклама

Avgustda UzAuto Motors 12 245 ta Chevrolet Cobalt sotdi. Iyulda xaridorlar 5 864 ta mashina olgandi: chegirma va imtiyozli avtokredit savdoni ikki baravardan ko’proq oshirdi.

Cobalt hamon mamlakatda eng ko’p sotiladigan mashina, avgust yakuniga ko’ra uning bozordagi ulushi 32,3%. Birinchi yarim yilda ulush 23,3% gacha tushib ketgandi, bir yil oldin esa UzAuto Motorsning eng arzon modeli bozorning 39% dan ko’prog’ini egallardi.

Chevrolet Cobalt savdosi 2026 yilda nega tushib ketdi

Yanvar-iyun oylarida zavod O’zbekistonda 40 936 ta Cobalt sotdi, bir yil avval 67 580 ta edi, ya’ni 39,4% kam. Birinchi chorak hali ushlab turdi, 23 993 ta mashina. Aprelda savdo 5 930 tagacha tushdi va iyulgacha oyiga 6 mingdan oshmadi.

Реклама

Buning bir necha sababi bor: qimmatroq Onix, Tracker, BYD Yuan Up va Kia Sonetga berilgan muddatli to’lov, chegirma va imtiyozli kreditlar, benzin bilan gaz narxining o’sishi, Cobaltning o’zi qimmatlashgani.

2025 yil noyabridan Cobalt faqat MCM versiyalarida sotiladi: Style 156,1 mln, Midnight 165,2 mln so’m. Avvalgi 147,9 mln lik Style AT Plus bilan 155,2 mln lik Midnight AT savdodan yo’qoldi. Kruiz-kontrol, multirul, CarPlayli magnitola va o’rindiq isitgichi uchun xaridordan 8-10 mln qo’shimcha so’raldi.

Xaridorlarning bir qismi Onixga o’tib ketdi: yarim yilda uning savdosi 2,3 baravar oshib, 19 595 taga yetdi. Tracker 20 274 taga, Kia Sonet 9 653 taga chiqdi, BYD bir yarim baravar o’sdi.

Taqchillik ham tugadi. Noyabrda zavod ikki yarim soatda Cobaltga 100 ming onlayn shartnoma berdi, xaridorlar shundan 80% ini to’lamadi.

Zavod sotganidan ko’proq ishlab chiqardi: yarim yilda 82 951 ta Cobalt, o’tgan yilga nisbatan 13,5% ko’p. Ichki bozorda shundan 49% i sotildi, qolgani Qozog’istonga ketdi (u yerda yarim yilda 16 370 ta sotilgan) va omborda qoldi.

O’zbekiston avtobozori 2026: Cobalt ulushi va xitoy brendlari

Yanvar-iyul oylarida O’zbekistonda 210 837 ta avtomobil sotildi, bu bir yil avvalgidan 3,6% kam. Pasayish to’rtinchi oydan beri davom etyapti.

Shu davrda xitoy brendlarining ulushi 11,6% dan 18% ga chiqdi. Eng katta o’sish BYDda: BYD Uzbekistan Factory bir yilda ulushini 5,6% dan 10% ga, ya’ni ikki baravar oshirdi. Rasmiy elektromobil savdosi bir yarim baravardan ko’proq, import esa uch baravar o’sdi.

UzAuto Motorsning ulushi bir yilda 81,5% dan 74,6% ga tushdi. Kia ishlab chiqaradigan ADM Jizzakh zavodi 11,3% dan 12,8% ga ko’tarildi.

Xaridorning tanlovi ham o’zgaryapti. Yaqingacha bozorning 40% ini egallagan B klass sedani Cobalt endi 30% atrofida turibdi. SUV-B toifasidagi ixcham krossoverlar (Chevrolet Tracker, Kia Sonet, BYD Yuan Up) esa 17,2% dan 22,7% ga chiqdi.

Chevrolet Cobalt chegirmasi va imtiyozli avtokredit shartlari

1 iyuldan Ipoteka bankda 21% li imtiyozli kredit ishga tushdi, boshlang’ich to’lov 30% dan boshlanadi. 15 iyuldan 12 oylik foizsiz muddatli to’lov qo’shildi, lekin birinchi to’lov 156,1 mln dan 101 mln bo’lishi shart edi.

3 avgustda zavod 10 sentyabrgacha aksiya e’lon qildi: naqd pulga Style MCM 156,1 o’rniga 146,1 mln, Midnight MCM 165,2 o’rniga 150,2 mln so’m. Chegirma faqat naqd pulga edi, kredit va muddatli to’lovga berilmadi.

14 avgustda Kapitalbank 50% boshlang’ich to’lov bilan 11 oydan 17 oygacha foizsiz muddatli to’lovni qo’shdi.

Natija darrov ko’rindi: avgustda 12 245 ta mashina. Bu o’tgan yilgi o’rtacha oylik savdodan ham ko’p, o’shanda Cobalt arzonroq edi va unga shartnoma yo’q edi.

Chevrolet Cobalt narxi 2026 yilda qanday bo’ladi

Aksiya 10 sentyabrda tugadi, narxlar avvalgi darajaga qaytdi. Uning o’rniga to’rtta bankda 0% dan 18% gacha imtiyozli avtokredit ishlaydi, boshlang’ich to’lov 25% dan 70% gacha, oylik to’lov esa taxminan Onixnikidek chiqadi.

Ikkilamchi bozorda narxlar qulab tushdi, benzin bilan gaz qimmatlashishda davom etyapti, talab oshishiga hech qanday asos yo’q.

Demak, kuzda yangi chegirma va kredit dasturlari bo’ladi. Lekin Cobaltning davri o’tib borayotganga o’xshaydi.

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Back to top button