UzAuto Motors narxlarni 15 kun oldin e’lon qilishi shart
Qonunga ko‘ra, UzAuto Motors endi avtomobil narxlarini oshirish yoki tushirishdan kamida 15 kun oldin ommaga ma’lum qilishi kerak. Shu sababli shartnomalar odatda narxlar e’lon qilingandan keyin ochiladi.

“Raqobat to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, bozorda ustun mavqega ega bo‘lgan UzAuto Motors kompaniyasi avtomobil narxlaridagi o‘zgarishlarni — oshirish yoki tushirishni — kamida 15 kun oldin ommaga e’lon qilishi shart. Qonun 2023-yil 3-iyulda Prezident tomonidan imzolangan va 2023-yil 3-oktabrdan kuchga kirgan.
Dominant mavqega ega xo‘jalik yurituvchi subyekt yangi narxlarni (tariflarni) joriy etilayotgan kundan kamida o‘n besh kun oldin e’lon qilishi shart. Bu talab “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunning 15-moddasida belgilangan.
Aynan shu sababli, byudjet avtomobillari uchun yangi narxlar dastlab chevrolet.uz saytida paydo bo‘ladi, biroq UzAuto Motors shartnomalari odatda bir necha haftadan keyin ochiladi.
UzAuto Motors bozorda monopol mavqega ega
UzAuto Motors davlat reestriga kiritilgan va yengil avtomobillar segmentida monopol kompaniya sifatida tan olingan.
Cobalt shartnomalari qachon ochiladi?
Oxirgi marta Cobalt uchun shartnomalar 2025-yil yanvarida ochilgan edi va o‘sha vaqtda ishlab chiqarish hajmi to‘liq sotilib ketgan, hatto oktyabr–noyabr oylarigacha rejalashtirilgan avtomobillar ham band qilingan.
Ya’qin orada esa yangilangan Chevrolet Cobalt 2025 rasmiy taqdimoti kutilmoqda. Ehtimol, shartnomalar sentabr oyidayoq ochilishi mumkin. Agar shunday bo‘lsa, UzAuto Motors narxi eng kech 16-sentabrgacha e’lon qilinishi shart bo‘ladi.
Shartnomani qanday rasmiylashtirish mumkin?
Shartnoma endi to‘liq onlayn tarzda, yangilangan UzAuto Savdo sayti orqali tuziladi. Buning uchun xaridor avval id.egov.uz orqali elektron hukumat tizimida ro‘yxatdan o‘tishi kerak.
Ro‘yxatdan o‘tgach, xaridor quyidagi manbalar orqali shartnoma rasmiylashtirishi mumkin:
- Veb-sayt: uzavtosavdo.uz
- Mobil ilova: Android va iOS uchun