BYD Yuan Up navbati: zavod yiliga 25 ming mashina rejalashtirgan, xaridorlar esa oylab kutmoqda
Yil boshida Oʻzbekistonda yiliga 25 ming Yuan Up rejalashtirilgan edi. Kuzga kelib uning elektr versiyasini oldindan 100% toʻlab ham olib boʻlmay qoldi, zavod esa bitta ham raqam keltirmay, toʻliq quvvatga chiqqani haqida hisobot berdi.

Статья доступна на русском языке.
Yil boʻyi BYD Oʻzbekistonda 25 ming Yuan Up va elektr versiyani toʻliq siklda ishlab chiqarish haqida gapirib keldi, noyabrda esa toʻliq quvvatga chiqqani toʻgʻrisida hisobot berdi. Xaridorga bu orada navbat, hech narsaga majbur qilmaydigan bayonot va raqamsiz uzr nasib etdi.
Oktabr oxiriga borib elektr Yuan Up modelini rasmiy dilerlardan sotib olishning iloji qolmadi. Uni faqat buyurtma asosida sotishar, uch oyga yaqin kutishga toʻgʻri kelar, yetkazib berish sanasi esa surilib turardi.
BYD nechta Yuan Up ishlab chiqarmoqchi edi
Fevralda «Oʻzavtosanoat» raisi Ulugʻbek Roʻziqulov Prezident ishtirokidagi videoselektor yigʻilishida birgina Yuan Up modelining Oʻzbekistondagi sotuv salohiyati 25 ming dona deb baholanganini va uni shu yil Jizzaxda ishlab chiqarish boshlanishini aytdi.
Martda BYD Uzbekistan Factory bosh direktori Azizbek Muhitdinov zavodning yillik rejasini maʼlum qildi: 40 ming mashina. Shundan 25 mingtasi Yuan Up ulushiga toʻgʻri kelishi, elektr versiyani esa yil oxiriga kelib toʻliq siklda ishlab chiqarish moʻljallangan edi.
Butun 2025-yil davomida, hech qanday zavodsiz ham, Oʻzbekistonda 6 mingdan ortiq elektr Yuan Up sotilgan edi. Ularni olish uchun hech kim navbatda turmagan.
Nega elektr Yuan Up yoʻq
Martda BYD gibrid Yuan Up DM-i sotuvini boshladi. Shundan beri elektr versiya dilerlarga sekinroq kelyapti.
Xuddi ataylab qilingandek, aynan shu paytda elektromobillarga talab oshib ketdi. Ayrim yoqilgʻi quyish shoxobchalarida bir litr AI-95 narxi 13,5 mingdan 21 ming soʻmgacha koʻtarildi, haydovchilar esa benzin baki yoʻq mashinalarga qiziqib qaray boshladi.
Очередь на электрический BYD Yuan Up растянулась на три месяца
Shu tariqa elektr Yuan Up taqchil tovarga aylandi. Gibridi esa xuddi oʻsha 266,7 mln soʻmga salonlarda turibdi.
Aynan elektromobil kerak boʻlgan xaridorning tanlovi tor: sanasini bilmay kutish yoki gibridga koʻnish.
Yuan Up uchun toʻlovdan keyin qancha kutish kerak
Yuan Up xaridorlarining shikoyatlari shunchalik koʻpaydiki, 6-noyabr kuni BYD Central Asia rasmiy bayonot tarqatdi. Bayonot pulni toʻliq toʻlagan yoki toʻlov jadvali asosida toʻlab borayotgan, ammo mashinasini haligacha ololmagan xaridorlarga qaratilgan edi.
Kompaniya mashinalar allaqachon Oʻzbekistonda ekani va qonunda belgilangan rasmiylashtiruvni kutayotganini tushuntirdi. Muddat aytilmadi, ammo bir narsa aniq qilib qoʻyildi: bayonotning oʻzi mashinalarni topshirish muddati boʻyicha hech qanday yangi majburiyat keltirib chiqarmaydi.
Xaridor pulini allaqachon toʻlab boʻlgan. Kompaniyada esa sana boʻyicha majburiyat shu paytgacha ham paydo boʻlmadi.
Oʻsha bayonotda xaridorlardan mashinani tezroq berish evaziga norasmiy pul talab qilingan holatlar haqida aloqa markaziga xabar berish iltimos qilingan. Ishlab chiqaruvchi tezlashtirish uchun qoʻshimcha toʻlov haqidagi ogohlantirishni rasmiy bayonotga oʻzi kiritgan. Navbat qoidaga koʻra yuradigan joyda bunday ogohlantirishlar yozilmaydi.
Raqamsiz toʻliq quvvat
16-noyabr kuni BYD Uzbekistan Factory Yuan Up ishlab chiqarish va yetkazib berish boʻyicha toʻliq quvvatga chiqqanini eʼlon qilib, avvalgi kechikishlar uchun uzr soʻradi.
Oʻn kun ichida BYDning ikki tuzilmasi ikki xil tushuntirish berdi. 6-noyabrda aytilishicha, mashinalar mamlakatda va hujjatlarni kutmoqda. 16-noyabrda esa zavod toʻliq quvvatga chiqdi. Mashinalar allaqachon shu yerda boʻlsa, konveyer quvvatidan xaridorga hech qanday naf yoʻq.
Nechta mashina topshirildi, navbatda necha kishi bor, sentabrda pul toʻlagan odam kalitni qachon oladi: bayonotda bu haqda bir ogʻiz ham soʻz yoʻq. Elektr versiyani yil oxiriga kelib toʻliq siklda ishlab chiqarish vaʼda qilingan edi, ammo toʻliq quvvat haqidagi bayonotda «elektr» soʻzi uchramaydi.
Konveyer esa bekor turgani yoʻq: Jizzaxdagi zavod toʻqqiz oyda 26 706 ta mashina ishlab chiqardi, bu bir yil avvalgidan deyarli ikki baravar koʻp.
Производство легковых автомобилей в Узбекистане выросло на 9,2%, BYD почти удвоил выпуск
Zavod ishlayapti, toʻliq quvvat haqida hisobot beryapti va uzr soʻrayapti. Elektr Yuan Up qachon yetkazib berilishini esa xaridorga hech kim aytmayapti. Uzr unga mashinadan oldinroq yetib keldi.
BYD Yuan Up narxi va komplektatsiyalari





