Cobalt bozorda keskin arzonlashdi

Cobalt ikkilamchi bozorda ham keskin arzonlashdi
Yangi Chevrolet Cobalt narxining pasayishi, imtiyozli avtokreditlar va foizsiz muddatli to’lov dasturlari ikkilamchi bozordagi narxlarga ham keskin ta’sir qildi. Hozir 2023-yilda ishlab chiqarilgan Cobalt avtomobillari 100–115 mln so’mga, 2025–2026-yilgi kam yurgan mashinalar esa 120–130 mln so’mga sotuvga qo’yilmoqda.
2026-yilning birinchi yarmida Chevrolet Cobalt savdosi 39,4 foizga kamaydi. Talabning pasayishi ortidan UzAuto Motors model savdosini rag’batlantirishga kirishdi: avtomobil narxi tushirildi, muddatli to’lov joriy qilindi, keyinchalik esa moliyalashtirish shartlari yanada yaxshilandi.
Naqd pul yoki odatiy avtokredit orqali xarid qilgan mijozlarga ayrim hollarda 10–15 mln so’mgacha chegirma berilmoqda. Bundan tashqari, Cobalt uchun imtiyozli avtokredit va foizsiz muddatli to’lov dasturlari ham taklif qilinyapti.
Bu o’zgarishlar ikkilamchi bozordagi narxlarni ham pastga tortdi.
Cobalt ikkilamchi bozorda qancha turadi?
Yurgan masofasi 30 ming kilometrgacha bo’lgan 2023-yilgi Chevrolet Cobalt avtomobillari hozir 100–115 mln so’m oralig’ida sotuvga qo’yilmoqda.
2025–2026-yilda ishlab chiqarilgan, 15 ming kilometrgacha yurgan Cobalt avtomobillari uchun esa sotuvchilar asosan 120–130 mln so’m so’ramoqda.
Ayrim e’lonlarda uch yillik va deyarli yangi avtomobil o’rtasidagi narx farqi atigi 1000 dollarni tashkil qiladi. Bu esa xaridor uchun ishlatilgan mashina o’rniga kam yurgan yoki yangi Cobalt tanlashni mantiqan foydaliroq qilib qo’ymoqda.
Shunga qaramay, bozordagi yangi vaziyatni hali qabul qilmagan sotuvchilar ham bor. Masalan, ayrimlar 2023-yilgi Cobalt uchun yangi avtomobil narxiga yaqin: 12 300 dollar so’ramoqda. Ba’zi e’lonlarda esa uch yillik avtomobil narxi 15 500 dollargacha yetadi.
Biroq e’londagi narx avtomobil aynan shu summaga sotilishini anglatmaydi. Bozordagi taklif ko’paygani sari xaridorning tanlovi kengaymoqda, qimmat qo’yilgan avtomobillar esa uzoq vaqt sotilmay qolmoqda.
Cobalt endi foydali «investitsiya» emas
Uzoq yillar davomida O’zbekistonda Cobalt nafaqat transport vositasi, balki pulni saqlab qolish usuli sifatida ham qabul qilingan. Avtomobilni bir necha yil minib, deyarli xarid narxida yoki undan ham qimmatroqqa sotish mumkin edi.
Endi esa vaziyat o’zgardi.
Hozir Cobalt birinchi yilning o’zidayoq 20–25 mln so’mgacha qiymat yo’qotishi mumkin. O’rindiq g’iloflari, polik, laminatsiya, qo’shimcha jihozlar, avtomobil rangi yoki sotuvchining mashinaga qancha pul sarflagani bozor narxini sezilarli oshirmaydi.
Xaridor birinchi navbatda avtomobilning ishlab chiqarilgan yili, yurgan masofasi, texnik holati va yangi mashina narxi bilan solishtirgandagi farqiga qaraydi.
Narxlar nega tushmoqda?
Cobalt ikkilamchi bozorda arzonlashishiga bir nechta omil sabab bo’ldi:
- yangi avtomobil uchun berilayotgan 10–15 mln so’mlik chegirmalar;
- Cobalt, Onix va Tracker uchun imtiyozli avtokreditlar;
- foizsiz muddatli to’lov dasturlari;
- avtomobillarning salonlarda erkin sotuvda mavjudligi;
- BYD, Kia, Chery, Haval, Geely va boshqa brendlar taklif qilayotgan kredit hamda muddatli to’lov dasturlari;
- xaridorlarning qimmatroq va zamonaviyroq avtomobillar segmentiga o’tishi.
O’zbekistonda rasman ishlayotgan avtomobil brendlari endi nafaqat narx, balki kredit shartlari, muddatli to’lov, kafolat va servis orqali ham xaridor uchun kurashmoqda.
Foizsiz va jarimasiz muddatli to’lov dasturlari esa, jumladan, islomiy moliyalashtirish tamoyillariga mos mahsulotlarga qiziqayotgan xaridorlar orasida talabni oshirmoqda.
Avtomobil bozori me’yorlashmoqda
O’nlab yillar davom etgan taqchillikdan keyin O’zbekiston avtomobil bozori asta-sekin odatiy bozor qoidalariga qaytmoqda.
Endi avtomobil salondan chiqishi bilan qimmatlashadigan aktiv emas. Yangi mashina ham boshqa bozorlardagi kabi foydalanishning dastlabki yillarida qiymatining bir qismini yo’qotmoqda.
Cobalt narxlarining pasayishi aynan shu jarayonning eng yaqqol misollaridan biri bo’ldi. Yangi avtomobillarga chegirma, kredit va muddatli to’lov takliflari saqlanib qolsa, ikkilamchi bozordagi Cobalt narxlari ham eski darajaga qaytishi qiyin bo’ladi.






