Chevrolet Xitoyda savdoni toʻxtatdi

Chevrolet Xitoyda savdoni toʻxtatdi, SAIC-GM zavodlari eksportga ishlaydi. UzAuto Motorsning Chevrolet ishlab chiqarish litsenziyasi 2027 yilda tugaydi, Oʻzbekiston zavodlari sotuvga qoʻyiladi.

General Motors Chevrolet brendining Xitoyda yangi avtomobillar savdosini toʻxtatganini tasdiqladi. Chevrolet bu bozorda qariyb 21 yil ishladi.

Zavodlar yopilmaydi: SAIC-GM qoʻshma korxonasi Chevrolet avtomobillarini yigʻishni davom ettiradi, ammo bu mashinalar endi eksportga chiqariladi.

Chevrolet savdosi Xitoyda 767 mingdan 9 mingga tushdi

2014 yilda Xitoy dilerlari 767 ming dona Chevrolet sotgan. 2018 yilda 641 320 ta, 2024 yilda 52 774 ta avtomobil sotildi, 2025 yilda esa savdo 9 mingdan ham pastga tushdi.

Chevrolet kuchli boʻlgan segmentlarga mahalliy brendlar kirib keldi, bozorning oʻzi esa elektromobil va gibridlarga oʻtdi. Uch silindrli kichik hajmli motorlar ham brendga obroʻ keltirmadi.

Xitoyda 7,5 million Chevrolet egasi qoladi. Ular uchun dilerlik tarmogʻi va ehtiyot qismlar yetkazib berish saqlanadi.

Ishlab chiqarish eksport uchun qoladi

Shu yilning birinchi yarmida Xitoydan 6 930 ta Chevrolet eksport qilindi, bu oʻtgan yilgi koʻrsatkichdan 6,9 foiz koʻp.

SAIC va GM qoʻshma korxona shartnomasini yana 20 yilga, 2047 yilgacha uzaytirdi. SAIC-GM endi Xitoy bozoriga yangi modellarni Buick va Cadillac brendlarida chiqaradi: 2030 yilgacha kamida 30 ta elektr va gibrid model rejalashtirilgan.

Chevrolet esa Xitoyda faqat eksport uchun yigʻiladi.

Oʻzbekistondagi Chevrolet allaqachon xitoycha

Amerikaning GM kompaniyasi 2018 yilda UzAuto Motors kapitalidan chiqqach, Nexia, Spark va Lacetti ishlab chiqarishdan olindi. Ularning oʻrnini Xitoyda yaratilgan Tracker, Captiva 5/6, Traverse va Equinox hamda braziliyalik Onix egalladi.

UzAuto Motors zavodida mahalliylashtirilgan Tracker va Onix qismlari ham asosan Xitoy xomashyosidan tayyorlanadi.

Tracker ishlab chiqarilgan SAIC-GM Norsom zavodi esa Xitoydagi past talab sababli yopilgan.

Equinox PHEV Xitoy uchun yaratilgan model

UzAuto Motors sentyabrda Chevrolet Equinox PHEV savdosini boshladi: Activ 80KM va Activ 120KM komplektatsiyalari narxi 463,5 million soʻmdan boshlanadi.

Bu gibrid Xitoy bozori uchun yaratilgan Equinox Plus bilan bir xil. AQShda bunday versiya sotilmaydi.

Xitoyda uning yuqori komplektatsiyasi 179 900 yuan, yaʼni taxminan 25 ming dollar turadi. Toshkentda shu mashina 40 600 dollarga sotilmoqda.

GM litsenziyasi 2027 yilda tugaydi

«Oʻzavtosanoat» va GM alyans shartnomasini 2017 yil oktyabrda 10 yil muddatga imzolagan. Shartnomaga koʻra UzAuto Motors Chevrolet brendi va GM modellaridan foydalanish litsenziyasini hamda MDH davlatlariga eksport qilish huquqini oladi. 2024 yilda royalti sifatida amerikaliklarga 86,2 million dollar toʻlangan.

17 sentyabr kuni Davlat aktivlarini boshqarish agentligi UzAuto Motors va UzAuto Motors Powertrain zavodlarini sotish boʻyicha tender tez orada eʼlon qilinishini maʼlum qildi.

Bir yildan keyin Chevrolet ishlab chiqarish huquqi tugaydigan zavodni GM bilan kelishmasdan sotib olishning maʼnosi yoʻq. Demak, xaridor GM bilan bogʻliq boʻladi, alyans esa uzaytiriladi.

Bunday xaridorlardan biri Xitoy qoʻshma korxonasi SAIC-GM-Wuling boʻlishi mumkin. 2 sentyabr kuni GM South America u bilan Lotin Amerikasi uchun modellar boʻyicha niyat xatini imzoladi, roʻyxatda Captiva ham bor.

Xaridor uchun nima oʻzgaradi

Yaqin oylarda avtosalonlardagi narxlar va modellar oʻzgarmaydi. Chevrolet Xitoyda savdoni toʻxtatdi, lekin ishlab chiqarishni saqlab qoldi, Oʻzbekiston esa aynan shunday eksport bozorlaridan biri.

Mashinada amerikacha boʻlib faqat emblema qoladi, platforma va komponentlar xitoyniki. Birinchi yarim yillikda UzAuto Motorsning yengil avtomobillar ishlab chiqarishdagi ulushi 81,1 foizdan 76,7 foizga tushdi, iyunda esa birinchi marta 70 foizdan pasaydi.

Xaridor uchun esa asosiysi narx. Equinox misolida Xitoy va Toshkent narxlari oʻrtasidagi farq 1,6 barobar.

Exit mobile version