Davlat aktivlarini boshqarish agentligi UzAuto Motors va UzAuto Motors Powertrain bo‘yicha tender e’lon qiladi. Chevrolet ishlab chiqarish litsenziyasi tugashiga esa bir yil qoldi.
Buni 17 sentyabr kuni Cbonds konferensiyasida agentlik direktori o‘rinbosari Alisher Miraliyev aytdi. Savdoga UzAuto Motorsning 99,7 foizi va UzAuto Motors Powertrainning 100 foizi qo‘yiladi.
Tayyorgarlikni AQShning Alvarez & Marsal kompaniyasi olib bormoqda. Maslahatchi ikkala korxonani tekshiruvdan (due diligence) o‘tkazgan va investorlar uchun materiallar tayyorlashni yakunlamoqda. Uning xulosalaridan keyin xalqaro tender e’lon qilinadi.
Ikki korxona yagona lot qilib sotilishi ham mumkin, yakuniy qaror maslahatchining taklifiga qarab qabul qilinadi.
UzAuto Motorsni kim sotib oladi
Bir yildan so‘ng Chevrolet ishlab chiqarish huquqi tugaydigan zavodni GM bilan kelishmasdan sotib olishdan ma’no yo‘q. Shuning uchun ehtimoliy xaridor GM bilan bog‘liq bo‘ladi, alyans esa uzaytiriladi.
Agentlik soha investorini izlaydi: avtomobilsozlikdan, qo‘shimcha mablag‘ kirita oladigan, ishlab chiqarishni kengaytirib, yangi mahsulot chiqara oladigan.
Mahalliy va xorijiy investorlar uchun cheklov yo‘q. Davlat ulushlarini chet el valyutasida sotishga ham ruxsat berilgan.
Bunday xaridor xitoylik SAIC-GM-Wuling qo‘shma korxonasi bo‘lishi mumkin. 2 sentyabr kuni GM South America u bilan niyat xatini imzoladi: GM Lotin Amerikasi uchun SGMW modellaridan foydalanadi, masalan Captiva (Baojun/Wuling).
O‘zbekistonda yig‘iladigan Chevrolet modellari qatori allaqachon xitoy va braziliya ildizlariga ega. 2018 yilda amerikalik GM UzAuto Motors kapitalidan chiqqanidan keyin arzon Nexia, Spark va Lacetti ishlab chiqarish to‘xtadi, ularning o‘rniga xitoy Tracker, Captiva 5/6, Traverse, Equinox va braziliya Onixi keldi.
Asakada mahalliylashtirilgan Tracker va Onix detallari asosan xitoy xomashyosi va butlovchi qismlaridan tayyorlanadi.
2025 yil noyabrida AQSh Davlat departamenti Vashington va Toshkent UzAuto Motors privatizatsiyasi doirasida hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlarini o‘rganishini ma’lum qilgan edi.
Chevrolet uchun GM litsenziyasi 2027 yilda tugaydi
«O‘zavtosanoat» va GM alyans bitimini 2017 yil oktyabrida 10 yilga imzolagan.
Bitimga ko‘ra UzAuto Motors GM modellariga litsenziya, Chevrolet brendidan foydalanish, General Motors texnologiyalariga kirish va MDHga eksport qilish huquqini oladi. GM buning evaziga royalti oladi: 2024 yilda amerikaliklarga 86,2 mln dollar to‘langan.
UzAuto Motors bitim uzaytirilishini ehtimoli yuqori stsenariy deb biladi, chunki alyans uzaytirilmasa, bu biznesga sezilarli zarba beradi.
S&P ham GM 2027 yildan keyin hamkorlikni davom ettiradi deb hisoblaydi. Moody’s alyansdan voz kechilishini reytingni pasaytirishga asos deb biladi, lekin buni bazaviy stsenariyga kiritmaydi.
UzAuto Motors hozir kimga tegishli
Aksiyalarning 99,7 foizi «UZAUTO PASSENGER VEHICLES MANAGEMENT» MChJ ga tegishli. Uning yagona ta’sischisi «O‘zavtosanoat» AJ, «O‘zavtosanoat»ning yagona ta’sischisi esa Iqtisodiyot va moliya vazirligi.
Qolgan 0,3 foiz 2023 yilda IPO orqali sotilgan.
Sotuvdan keyin davlat strategik kompaniyalarda maxsus huquqni saqlab qolishi mumkin. Bu huquq nima berishi farmonda ko‘rsatilmagan.
UzAuto Motors davlat ko‘magiga tayanadi
UzAuto Motors mamlakatdagi yagona ommaviy avtoishlab chiqaruvchi. Unda to‘g‘ridan-to‘g‘ri va bilvosita 30 mingdan ortiq kishi ishlaydi, mashinalarni muddatli to‘lov va avtokreditga sotish esa banklar uchun muhim.
Davlat zavodni soliq imtiyozlari, aksiyador qarzlari, boshqa importchilar va ishlab chiqaruvchilar uchun joriy etilgan bojlar bilan qo‘llab-quvvatlagan. Mashina narxlarini UzAuto Motors hukumat bilan kelishgan holda belgilaydi.
UzAuto Motors O‘zbekistonda birinchi bo‘lib yevrobond chiqargan kompaniya. Fitch bahosiga ko‘ra zavod defolti O‘zbekiston va davlat kompaniyalarining tashqi bozorlardan qarz olish imkoniyatiga zarba beradi.
2026 yilning birinchi choragida tushum 12,2 foizga oshib, 10,88 trln so‘mga yetdi. Sof foyda 16 foizga kamayib, 648,3 mlrd so‘m bo‘ldi. Sotuv xarajatlari bir yilda deyarli uch barobar oshgan: 349,4 mlrd so‘mdan 1 trln so‘mgacha.
31 mart holatiga ko‘ra kompaniyada 13,3 trln so‘mlik zaxira bor, aktivlari 34 trln so‘m.
Birinchi yarim yillikda UzAuto Motorsning yengil avtomobillar ishlab chiqarishdagi ulushi 81,1 foizdan 76,7 foizga tushdi, iyunda esa birinchi marta 70 foizdan pastga tushdi.
UzAuto Motorsni IPO orqali sotishga urinish
Zavodni xususiy investorlarga sotishga birinchi urinish 2022 yilda bo‘lgan. O‘shanda Toshkent birjasida 5 foiz, xorijiy maydonchalarda 25 foizgacha aksiya joylashtirish rejalashtirilgandi.
Keyin hajm 1 foizga qisqartirildi: 2,7 mln aksiya, narxi 72 500 so‘mdan 81 500 so‘mgacha.
2023 yil fevralida IPO orqali kompaniyaning 0,29 foizi sotildi. Talab past chiqdi, aksiyalar quyi chegaradagi narxda sotildi, zavod rejalashtirilgan 220 mlrd so‘m o‘rniga 56,89 mlrd so‘m oldi.
Xorijiy birjalarda joylashtirish esa amalga oshmadi.