Chevrolet Equinox narxi ma’lum bo‘ldi. UzAuto Motors gibrid Equinox PHEV Activ uchun 463,5 va 478,5 million so‘m so‘raydi. Gibrid Equinox narxi Xitoydagi xuddi shu mashinadan 1,6 baravar qimmat, Jizzaxda yig‘iladigan BYD Song Plus UzPride’dan esa 70 million atrofida yuqori.
Ko‘pchilik Chevrolet’ning birinchi gibridi Captiva bo‘ladi deb kutgan edi. Chiqmadi. Birinchi bo‘lib Equinox keldi, u ham ikki variantda: Activ 80KM va Activ 120KM. Raqamlar elektrda necha kilometr yurishini bildiradi. Faqat bu raqamlarga darrov ishonib qo‘ymang, pastda tushuntiramiz.
Gibrid Equinox O‘zbekistonda qancha turadi
| Komplektatsiya | Narxi, so‘m | Dollarda |
|---|---|---|
| Equinox PHEV Activ 80KM, batareya 17 kVt·soat | 463 500 000 | ~ $39 300 |
| Equinox PHEV Activ 120KM, batareya 24 kVt·soat | 478 500 000 | ~ $40 600 |
Endi Xitoyga qaraymiz. Bizdagi Activ 120KM u yerda eng qimmat versiya hisoblanadi va 179 900 yuan turadi. Bu 25 ming dollar atrofida. Toshkentda xuddi shu mashina 40 600 dollar. Farqi 15 ming dollardan oshadi. Shuncha pulga Xitoydan yana yarim mashina olsa bo‘ladi.
UzAuto Motors monopolist bo‘lgani uchun narxni kamida 15 kun oldin e’lon qilishi kerak. Demak, avtosalonlarda mashina sentyabr oxiridan oldin paydo bo‘lmaydi.
Song Plus UzPride bilan qaysi biri yaxshi
Equinox’ning asosiy raqibi ko‘z oldimizda: BYD Song Plus UzPride. Tashqi ko‘rinish va jihozlar bo‘yicha Chevrolet chiroyliroq va boyroq. Lekin narxni yonma-yon qo‘ysangiz, kayfiyat buziladi: Song Plus 387,2 va 409,7 million so‘m turadi. Ya’ni Equinox kichik versiyada 76,3 million, katta versiyada 68,8 million so‘m qimmat.
| Nima taqqoslanadi | Equinox PHEV Activ | Song Plus DM-i UzPride |
|---|---|---|
| Uzunlik × kenglik × balandlik, mm | 4653 × 1902 × 1728 | 4775 × 1890 × 1670 |
| G‘ildirak bazasi, mm | 2730 | 2765 |
| Yukxona, l | 648 | 574 |
| Batareya, kVt·soat | 17 yoki 24 | 18,3 yoki 26,6 |
| Elektrda yurish, km | 80 yoki 120 (WLTC) | 110 yoki 150 (NEDC) |
| Benzin motor | 1,5 turbo, 132 kVt | 1,5 oddiy, 81 kVt |
| Elektromotor, kVt | 140 | 145 |
| Umumiy quvvat | 369 o.k., 565 N·m | 197 o.k. |
| 0-100 km/soat, s | 7,0 | 8,3-8,5 |
| Benzin sarfi, l/100 km | 6,13 (egalarida 7,0) | 4,4 atrofida |
| Tez quvvatlash (DC) |
