Статья доступна на русском языке.
2026-yilning yanvar-sentabr oylarida Oʻzbekistonda 69 230 ta Chevrolet Cobalt sotildi. Bu 2025-yilning shu davridagidan (95 362 ta) 27,4 foizga kam.
Chegirma va muddatli toʻlov tufayli oʻtgan yildan ortda qolish qisqarmoqda: yilning birinchi yarmida Cobalt sotuvi 39,4 foizga kamaygan edi. Iyulda Cobalt uchun imtiyozli va foizsiz avtokredit, avgustda esa chegirma va foizsiz muddatli toʻlov paydo boʻldi.
2026-yilning uchinchi choragida Cobalt sotuvi
Iyul-sentabr oylarida 28 294 ta Cobalt sotildi. Bu 2025-yilning shu oylaridagidan (27 782 ta) 1,8 foizga koʻp.
Iyulda 5 864 ta Cobalt sotildi: ketma-ket toʻrtinchi oy sotuv 6 mingdan oshmadi. Avgustda zavod narxni tushirgach, 12 245 ta Cobalt sotildi, sentabrda esa 10 185 ta.
Chevrolet Cobalt uchun chegirma, muddatli toʻlov va avtokredit
1-iyulda Ipoteka Bank Cobalt uchun imtiyozli avtokredit joriy qildi: yillik 21 foiz, boshlangʻich toʻlov 30 foizdan. 17-iyuldan bank foizsiz avtokredit ham taklif qila boshladi, lekin boshlangʻich toʻlovi 65 foiz: Style MCM uchun bu 101,5 mln soʻm.
3-avgustdan 10-sentabrgacha zavod toʻliq toʻlovda Cobaltni arzonroq sotdi: Style MCM 156,1 mln oʻrniga 146,1 mln soʻm, Midnight MCM 165,2 mln oʻrniga 150,2 mln soʻm boʻldi.
14-avgustda Kapitalbank Cobalt uchun foizsiz muddatli toʻlov joriy qildi: boshlangʻich toʻlov 50 foiz boʻlsa 11 oyga, 65 foiz boʻlsa 17 oyga.
30-sentabrda zavod Style MCM narxini yana 10 mln soʻmga tushirdi: toʻliq toʻlovda u 146,1 mln soʻm turadi.
7-oktabrdan UzAuto Motors Cobaltni bank ishtirokisiz muddatli toʻlovga sotmoqda, lekin prays narxida, chegirmasiz. Boshlangʻich toʻlov kamida 50 foiz, muddat 2 yil, Style MCM uchun oylik toʻlov 3 252 083 soʻm.

