Yangi Kia Seltos Oʻzbekistonda

Kia ikkinchi avlod Seltos’ni 21-oktabr kuni Toshkentdagi MOTORFEST’da koʻrsatadi. Krossover kattalashdi, Star Map chiroqlari va bitta oyna ostida ikkita 12,3 dyuymli ekran oldi.

Статья на русском языке.

Kia yangi Seltos’ni 2026-yil 21-oktabr kuni Toshkentdagi MOTORFEST’da taqdim etadi. Bu krossoverning ikkinchi avlodi. Narxi va sotuvga chiqish sanasi hozircha nomaʼlum.

Jahon premyerasi 2025-yil dekabrida boʻlib oʻtgan. Yangi Seltos kattaroq va burchakliroq boʻldi, uzoqdan uni Telluride bilan adashtirish oson.

Mashina birinchi avloddan 40 mm uzunroq (4430 mm) va 30 mm kengroq (1830 mm). Gʻildirak bazasi 60 mm ga oshib, 2690 mm boʻldi.

Yangi Kia Seltos dizayni

Radiator panjarasi endi old qismning deyarli butun kengligini egallaydi. Faralar uning ikki chekkasida, old qism burchaklarida esa kunduzgi yurish chiroqlarining vertikal chiziqlari bor. Kia bu chiroqlarni Star Map deb ataydi. Mashina qulfdan ochilganda chiroqlar animatsiya bilan yonadi.

Eski Seltos’da panjara xromli «yoʻlbars burni» shaklida, faralar esa undan alohida turadi.

Yonboshida diagonal qirralar bor, qora ustunlar tufayli tom havoda turgandek koʻrinadi. Ayrim versiyalarda eshik tutqichlari kuzovga yashiringan. Gʻildirak arkalari va ostonalarda qora plastik qoplamalar bor, GT-Line versiyasida ular kuzov rangida.

Vertikal orqa chiroqlar yukxona eshigiga oʻtib, bir-biriga tomon choʻziladi, shuning uchun mashina kengroq koʻrinadi.

Gʻildirak disklari 16 dyuymdan 19 dyuymgacha. Jahon premyerasida Kia Iceberg Green, Gravity Gray va mat Magma Red ranglarini koʻrsatdi. Tomni boshqa rangda buyurtma qilish mumkin.

X-Line versiyasida bezak detallari toʻq rangda, kuzov pastida esa qalinroq himoya qoplamalari bor. Suratlarda AQSh bozori uchun X-Line versiyasi.

Yangi Kia Seltos saloni

Old panel pastroq boʻldi, endi haydovchiga yoʻl yaxshiroq koʻrinadi. 12,3 dyuymli ikkita ekran bitta oyna ostida birlashtirilgan, ularning ostida jismoniy tugmali alohida klimat-kontrol paneli bor. Eski Seltos’da ekranlar 10,25 dyuymli.

Orqa oʻrindiq suyanchiqlarining qiyaligini oldinga va orqaga 12 gradusgacha oʻzgartirish mumkin. Yukxona hajmi VDA usuli boʻyicha 536 litr. Uning polini ikki xil balandlikda oʻrnatish mumkin.

Boshqa bozorlarda qimmat versiyalarda 12 dyuymli proyeksion displey, panoramali tom, old oʻrindiqlar ventilyatsiyasi, aylanma kuzatuv kameralari va Harman Kardon yoki Bose audiotizimi bor. Salonning kontur yoritgichi 64 xil rangda yonadi, smartfon kalit vazifasini bajaradi, ovozli yordamchi esa ChatGPT asosida ishlaydi.

Yangi Kia Seltos xarakteristikasi

AQShda bazaviy Seltos 147 ot kuchli 2 litrli dvigatel va variator bilan sotiladi. Oʻzbekistonda sotilayotgan hozirgi Seltos ham xuddi shunday quvvatga ega. Bunday dvigatel bilan old yoki toʻliq yuritmali versiyalar bor.

Amerikadagi 190 ot kuchli 1,6 litrli turbodvigatel 8 pogʻonali avtomat bilan ishlaydi va faqat toʻliq yuritmali versiyalarga qoʻyiladi. Boshqa bozorlarda 180 ot kuchli turbodvigatel, robot uzatmalar qutisi va old yuritmali versiya ham bor. Keyinroq gibrid versiya ham chiqadi.

Ehtimol, Oʻzbekistonga 2 litrli versiya olib kelinadi, chunki bizda hozirgi Seltos ham, Sportage ham 2 litrli atmosfer dvigatel bilan sotiladi.

Yangi Kia Seltos qancha turadi

AQShda yangi Seltos 24 990 dollardan sotiladi, yaʼni Sportage’dan 4 ming dollar arzonroq.

Oʻzbekistonda ular orasidagi farq ancha kichik. Kia Seltos narxlari roʻyxatiga koʻra hozirgi Seltos Style komplektatsiyasida 399 900 000 soʻm, Prestige’da 429 900 000 soʻm, Premium’da 449 900 000 soʻm turadi, eng arzon Sportage Luxe esa 454 900 000 soʻm.

Yangi avlod eskisidan arzon boʻlishi dargumon. Hozir esa eng qimmat Seltos Sportage’dan atigi 5 mln soʻm arzon. Ehtimol, qimmat komplektatsiyalarda yangi Seltos narx boʻyicha Sportage’ga yetib oladi yoki undan oshib ketadi.

↑
Exit mobile version