17-iyuldan Chevrolet Cobalt uchun yangi Super Cobalt avtokredit dasturi ishga tushdi. Avtomobillar rasmiy dilerlik markazlariga yetkazib berilgan. Kreditni bankka bormasdan, avtosalonning o‘zida rasmiylashtirish mumkin.
Sotuvda Cobalt’ning ikkita versiyasi mavjud:
- Cobalt Style MCM, 156,1 mln so‘m;
- Cobalt Midnight MCM, 165,2 mln so‘m.
Ipoteka bank avtokredit ko‘ra, avtomobillar tavsiya etilgan chakana narxda sotiladi.
Cobalt uchun 0% bo‘lib to‘lash shartlari
Foizsiz bo‘lib to‘lash faqat bitta shartda beriladi: xaridor avtomobil narxining 65 foizini oldindan to‘lashi, qolgan qarzni esa 12 oyda yopishi kerak.
Cobalt Style MCM uchun 101,465 mln so‘m boshlang‘ich to‘lov talab etiladi. Qolgan 54,635 mln so‘m 12 oyga bo‘linadi. Oylik to‘lov qariyb 4,55 mln so‘mni tashkil qiladi.
Cobalt Midnight MCM uchun boshlang‘ich to‘lov 107,38 mln so‘m. Qolgan 57,82 mln so‘mni bir yil davomida oyiga qariyb 4,82 mln so‘mdan to‘lash mumkin.
Internetda “Cobalt rassrochka” yoki “Cobalt nasiya” deb qidirilayotgan ushbu taklif aslida bank avtokreditidir. Avtomobil qarz to‘liq yopilguncha bank garovida qoladi.
Cobalt avtokredit foizlari
Boshlang‘ich to‘lovni kamaytirish yoki kredit muddatini uzaytirish mumkin. Bunday holatda kreditga foiz hisoblanadi.
| Boshlang‘ich to‘lov | 12 oy | 24 oy | 36 oy | 48 oy | 60 oy |
|---|---|---|---|---|---|
| 25% | 11,5% | 15% | 17% | 17,5% | 18% |
| 30% | 10% | 13,5% | 16% | 17% | 17% |
| 40% | 8% | 12,5% | 15% | 16% | 16,5% |
| 50% | 5% | 10,5% | 13,5% | 14,5% | 15,5% |
| 60% | 1% | 8% | 11,5% | 12,5% | 13,5% |
| 65% | 0% | — | — | — | — |
Avtomobil narxining 60 foizi oldindan to‘lansa, bir yillik kredit stavkasi 1 foizni tashkil etadi. 50 foizlik boshlang‘ich to‘lovda stavka 5 foizdan boshlanadi. Bu O‘zbekiston banklaridagi odatiy 23–24 foizlik avtokreditlardan ancha arzon.
Eng kam boshlang‘ich to‘lov 25 foiz. Bunday shartda kredit stavkasi 12 oyga 11,5 foiz, besh yilga esa 18 foizni tashkil etadi.
Foiz yo‘q, ammo sug‘urta xarajati bor
0% stavka avtomobilni mutlaqo qo‘shimcha xarajatsiz olish mumkinligini anglatmaydi. KASKO sug‘urtasi butun kredit muddati uchun majburiy.
Avtosalondagi hisob-kitoblarga ko‘ra, sug‘urta narxi har bir kredit yili uchun avtomobil qiymatining 1 foizini tashkil etadi. Bir yillik muddatda Style MCM uchun taxminan 1,56 mln so‘m, Midnight MCM uchun esa 1,65 mln so‘m qo‘shimcha to‘lash kerak.
Sug‘urta pulini o‘z mablag‘idan to‘lash yoki kredit summasiga qo‘shish mumkin.
Cobalt avtokreditini kimlar olishi mumkin?
Kredit 21 yoshga to‘lgan O‘zbekiston fuqarolariga beriladi. Kredit yakunlanadigan paytda qarz oluvchi 65 yoshdan oshmagan bo‘lishi kerak.
Mijoz so‘nggi olti oydagi daromadini tasdiqlaydi. Rasmiy daromad bo‘lmasa, bank daromad deklaratsiyasi va qo‘shimcha hujjatlarni talab qilishi mumkin. Daromad yetarli bo‘lmagan taqdirda bitta birgalikda qarz oluvchi qo‘shishga ruxsat beriladi.
Kreditni muddatidan oldin qisman yoki to‘liq yopish uchun jarima va komissiya olinmaydi.
Yangi shartlar Cobalt savdosi pasayganidan keyin paydo bo‘ldi
UzAuto Motors 0% bo‘lib to‘lash dasturini Cobalt savdosi keskin qisqarganidan so‘ng ishga tushirdi.
2026-yilning birinchi yarmida O‘zbekistonda 40 936 dona Cobalt sotildi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 26,6 mingta yoki qariyb 40 foizga kam.
UzAuto Motors va Ipoteka bank 1-iyulda Cobalt uchun 21 foizlik kredit dasturini ishga tushirgan edi. Oradan ikki hafta o‘tib, uning o‘rniga stavkalari 0 foizdan 18 foizgacha bo‘lgan Super Cobalt dasturi taklif qilindi.
