Chevrolet Suburban narxi e’lon qilindi

UzAuto Motors Chevrolet Suburban High Country savdosini boshladi. UzAuto Motors Suburban2026 model yilidagi yirik SUV’ni 1 485 100 000 so‘mdan sotishni boshladi.

O‘zbekiston avtomobil bozorida kutilgan yangilik: UzAuto Motors rasman 2026-yilgi Chevrolet Suburban High Country yo‘ltanlamasining bahosini e’lon qildi. Hozirgi kunda xaridorlarni eng ko‘p qiziqtirayotgan yangi Suburban narxi 1 485 100 000 so‘m etib belgilandi.

Suburban Chevrolet Tahoe’dan ancha uzunroq, ammo narxdagi farq katta emas. Hozir Tahoe High Country 1 464 500 000 so‘m turadi. Demak, ikki model orasidagi tafovut atigi 20,6 mln so‘m. Bu umumiy narxning qariyb 1,4 foiziga teng.

Shu pul evaziga xaridor Tahoe’dan qariyb 40 santimetr uzunroq avtomobil oladi. Suburban’ning asosiy ustunligi motor yoki komplektatsiyada emas. Uning ma’nosi katta kuzov, uzun g‘ildirak bazasi va ulkan yukxonada.

Ko‘rsatkich Tahoe High Country Suburban High Country Farq
Uzunligi 5351 mm 5748 mm 397 mm ko‘proq
Eni 2058 mm 2058 mm bir xil
Balandligi 1924 mm 1934 mm 10 mm ko‘proq
G‘ildirak bazasi 3071 mm 3407 mm 336 mm ko‘proq
O‘rindiqlar soni 7 7 bir xil
Narxi 1 464 500 000 so‘m 1 485 100 000 so‘m 20,6 mln so‘m qimmat

Suburban’ning asosiy ustunligi yukxonada

Tahoe allaqachon katta avtomobil. Ammo Suburban boshqa vazifa uchun yaratilgan. U yetti kishilik salondan foydalanganda ham katta yukxona qoldiradi.

Tahoe High Country’da uchinchi qator ortidagi yukxona hajmi 722 litrni tashkil qiladi. Suburban’da esa bu ko‘rsatkich taxminan 1175 litrga yetadi. Farq qariyb 453 litr.

Yukxona hajmi Tahoe High Country Suburban High Country Farq
Uchinchi qator ortida 722 l taxminan 1175 l 453 l ko‘proq
Uchinchi qator yig‘ilganda 2056 l taxminan 2656 l 600 l ko‘proq
Ikkinchi va uchinchi qator yig‘ilganda 3480 l taxminan 4092 l 612 l ko‘proq

Shu sabab Suburban’ni shunchaki Tahoe’ning qimmatroq turi deb qabul qilish noto‘g‘ri. Bu Tahoe emas, balki undan ham kattaroq avtomobil kerak bo‘lgan xaridor uchun variant. Uchinchi qator band bo‘lsa ham, yukxonada joy qolishi aynan shu modelning asosiy afzalligi.

Chevrolet Suburban High Country 6,2 litrli atmosferali V8 benzin dvigateli bilan jihozlangan. Motor 420 ot kuchi ishlab chiqaradi. U 10 pog‘onali avtomat uzatmalar qutisi va to‘liq yuritma bilan ishlaydi.

Komplektatsiyada adaptiv pnevmatik osma, 17,7 dyuymli multimedia ekrani, 11 dyuymli raqamli panel, proyeksion displey va zamonaviy xavfsizlik tizimlari bor.

AQSh bozorida ham Tahoe va Suburban orasidagi farq uncha katta emas. Chevrolet Tahoe High Country 80 700 dollardan, Suburban High Country esa 83 700 dollardan boshlanadi. Ya’ni uzun kuzov uchun qo‘shimcha to‘lov 3000 dollar atrofida. To‘liq yuritmali High Country versiyasi esa konfiguratorlarda 90 ming dollarga yaqinlashadi, soliqlar va qo‘shimcha xarajatlarsiz.

Chevrolet Uzbekistan ma’lumotlarida Suburban High Country uchun yoqilg‘i sarfi 100 kilometrga 16,8 litr deb ko‘rsatilgan. Tahoe High Country uchun ham xuddi shu raqam berilgan. Amalda esa 6,2 litrli V8, to‘liq yuritma va 2,5 tonnadan og‘ir kuzovdan mo‘jiza kutish qiyin. Shahar sharoitida bunday avtomobilning ishtahasi ancha jiddiy bo‘lishi tabiiy.

Gaz ballon uskunasini o‘rnatish haqida esa alohida gapirmasa ham bo‘ladi. O‘zbekistonda 1,5 mlrd so‘mlik V8 yo‘ltanlamas ham baribir amaliy fikrlashdan qochib qutula olmaydi.

Suburban ommaviy avtomobil bo‘lishi qiyin. Bunday mashinalar O‘zbekistonda odatda donalab sotiladi. Xaridorlar ham aniq: katta oilalar, biznes vakillari, shuningdek, hokimliklar, vazirliklar va shahar tashqarisiga tez tez chiqadigan maxsus xizmatlar.

Yirik davlat idoralari Chevrolet Tahoe kabi avtomobillarga qiziqishini yashirib o‘tirmaydi. Ba’zan hatto rasmiy xatlarda “mamlakatimizda ishlab chiqarilgan Chevrolet Tahoe avtomobilini ajratishda amaliy yordam ko‘rsatishingizni so‘raymiz, to‘lov kafolatlanadi” mazmunidagi murojaatlar ham uchraydi.

Endi bunday murojaatlar uchun yanada kengroq variant bor. Suburban High Country deyarli 5,75 metr uzunlik, V8 motor, pnevmatik osma va 1,5 mlrd so‘mlik narx bilan rasmiy Chevrolet qatoriga qo‘shildi.

Albatta, bu avtomobil ham o‘z xaridorini topadi.

Exit mobile version