Chevrolet Cobalt sotuvi 2026-yilda 39,4 foizga kamaydi

Milliy statistika qo’mitasining «Sanoat ishlab chiqarishi» press-relizlariga ko’ra, 2026-yil yanvar–iyunida zavod 82 951 ta Cobalt ishlab chiqardi. Shundan 40 936 tasi O’zbekiston ichida sotildi. Bu jami hajmning 49,3 foizi. 2025-yilning birinchi yarmida ulush 92,4 foiz edi: 73 102 ta mashina chiqarilib, 67 580 tasi ichkarida sotilgan.

Ishlab chiqarish bilan ichki sotuv orasidagi farq yarim yilda 42 ming mashinaga yetdi. Bu mashinalar yo eksportga jo’natilgan, yo omborda turibdi. Qaysi qismi chetga ketgani, qaysi qismi zaxirada qolgani press-relizlarda ajratib ko’rsatilmaydi.

Eksport yo’nalishlari ma’lum: Cobalt Ozarbayjon, Armaniston va Mongoliyaga chiqariladi. Qozog’istonda bu model yangi avtomobillar orasida eng ko’p sotiladi, bozorning 15,5 foizi unga to’g’ri keladi. Qirg’izistonda esa o’zbek mashina-komplektlaridan Chevrolet yig’iladi. Biroq yarim yillik farqning qancha qismi shu bozorlarga ketgani ochiq ma’lumotlarda ko’rinmaydi.

Onix zaxiradan ham sotildi

Bunday katta farq boshqa modellarda yo’q. Onix bo’yicha sotuv hatto ishlab chiqarishdan 880 taga oshgan. Demak, xaridorlarga avval yig’ilgan zaxiradagi mashinalar ham ketgan. Tracker bo’yicha ishlab chiqarilgan hajmning 87 foizi ichkarida sotilgan.

Model Ishlab chiqarildi Ichkarida sotildi Ichki sotuv ulushi
Cobalt 82 951 40 936 49,3%
Onix 18 715 19 595 104,7%
Tracker 23 249 20 274 87%
Jami 124 915 80 805 64,7%

Uch model birga olinganda ham ichki bozor ulushi pasaygan. Bir yil avval bu ko’rsatkich 82,1 foiz bo’lgan. Shunga o’xshash holatni Autostrada o’tgan yili Tracker va Onix misolida yozgan edi: o’shanda zavod bu modellarni ishlab chiqarganidan 1,5 barobar kam sotgan. Bu safar eng katta farq Cobaltda yuzaga keldi.

Iyunda ishlab chiqarish ham kamaydi

Yilning dastlabki besh oyida zavod o’tgan yilgidan ko’p mashina chiqarib keldi. Iyunda esa hajm 2025-yilning shu oyiga nisbatan kamaydi. Bu — yil boshidan beri birinchi pasayish. Buning ustiga, iyun yanvardan keyingi eng past oy bo’ldi. Eng ko’p mashina fevralda chiqarilgan. Mart–may oylarida hajm 15 ming atrofida saqlanib turdi. O’sish sur’ati esa may oyidayoq susaygan edi.

2026-yil Cobalt, dona 2025-yilga nisbatan
Yanvar 6 993 +23,6%
Fevral 16 223 +17,5%
Mart 15 181 +19,1%
Aprel 15 405 +22,9%
May 15 500 +9,5%
Iyun 13 649 −3,9%

Oylik raqamlar qo’shni press-relizlardagi yig’indilar ayirmasidan hisoblab chiqilgan.

Ilgari zavod eng ko’p mashinani yilning ikkinchi yarmida chiqarardi. Besh yil ketma-ket iyul–dekabrdagi hajm birinchi yarmidagidan ko’p bo’lgan: bu davrning yillik hajmdagi ulushi 51,4 foizdan (2022) 58,1 foizgacha (2023) yetgan. 2024-yilda eng sermahsul oy avgust (17 294 ta), 2025-yilda sentyabr (16 995 ta) bo’lgan. O’tgan yili birinchi yarmida oyiga o’rtacha 12 184 ta Cobalt chiqarilgan bo’lsa, ikkinchi yarmida bu raqam 14 675 taga yetgan.

Bu yilning ikkinchi yarmi haqida hozircha ma’lumot yo’q. Ammo Cobalt allaqachon navbatsiz, muddatli to’lovga va imtiyozli avtokreditga sotilmoqda. Talab shunga qaramay tiklanmadi. Omborlar to’lgan bo’lsa, kelgusi oylarda zavod ishlab chiqarishni yoki narxni kamaytirishiga to’g’ri keladi.

Exit mobile version