Germaniyalik avtomobil ishlab chiqaruvchisi O’zbekiston bozoriga 8 ta model — “zamonaviy sedan va krossoverlar”ni olib chiqishni rejalashtirmoqda. Volkswagen boshqaruv kengashi a’zosi, savdo, marketing va sotuvdan keyingi xizmatlar uchun mas’ul bo‘lgan Martin Sander kompaniya O’zbekistonga strategik ekspansiyasini e’lon qildi.
“Hali siyoh qurib ulgurmagan shartnoma Volkswagen’ning O’zbekiston bozoriga kirishdagi yangi strategik bosqichini belgilaydi. Bu — Markaziy Osiyodagi eng tez rivojlanayotgan hududlardan biri bo‘lib, ulkan salohiyatga ega,” — deb yozdi Martin Sander.
Bu Volkswagen’ning O’zbekistonda ikkinchi urinishi. Avvalgi marta Volkswagen va Škoda Kodiaq modellari Rossiyadagi Volkswagen vakilligi orqali import qilingan. Ammo 2022 yilda Rossiya Ukrainaga urush boshlaganidan keyin loyiha to‘xtatilgan edi.
Volkswagen Rossiyani tark etganidan so‘ng, “Jizzakh Avto” bilan bog‘liq barcha rejalashtirilgan loyihalar bekor qilindi. Keyinchalik zavod “Alyans Auto” deb qayta nomlandi va ayni paytda Volkswagen brendi ostidagi Jetta VS5 va VS7 krossoverlarini yig‘moqda. 2025 yilning dastlabki to‘rt oyida faqat 31 dona avtomobil sotilgan — bu esa 0,03% bozor ulushiga teng.
Endilikda Volkswagen AG va “O‘zavtosanoat” o‘rtasida imzolangan yangi hamkorlik shartnomasi bu holatni tubdan o‘zgartirishi kutilmoqda. Garchi qaysi modellar ishlab chiqarilishi aniq aytilmagan bo‘lsa-da, “8 ta zamonaviy sedan va keng krossoverlar” haqidagi bayonot nemis avtomobil gigantining O’zbekistonga katta rejalar qilayotganidan dalolat beradi.
Martin Sander bu qarorning sabablarini shunday izohladi:
“Daromadlar oshib borayotgan bir paytda, O’zbekiston avtomobil bumiga tayyor. Volkswagen brendi kuchi mamlakatning o‘sib borayotgan o‘rta sinfi orasida alohida rezonans uyg‘otadi. Biz bilamizki, ular sifatli nemis avtomobillarini izlaydi.”
“Bizda aynan shu bozor uchun moslashtirilgan portfel mavjud — 8 ta zamonaviy sedan va keng SUV’lar O’zbek iste’molchilari istayotgan narsa.”
“Yevropa va Osiyo chorrahasida joylashgan O’zbekistonni Volkswagen China orqali samarali va tejamli tarzda ta’minlash mumkin. Xitoydagi ishlab chiqarish bazamiz yaqinligi mijozlarga katta foyda keltiradi hamda bizning logistika bo‘yicha uglerod izimizni kamaytirishga yordam beradi.”
Volkswagen bu marta O’zbekistonga to‘g‘ridan-to‘g‘ri kirib kelmoqda — avval Rossiyadagi vakolatxona orqali ishlagan bo‘lsa, endilikda alyans UzAuto Motors’ga qarashli “Alyans Auto” zavodi orqali SKD (yirik uzelli) yig‘ishni kengaytiradi.