Oʻzbekistonda oʻn oyda avtomobil savdosi 6,5 foizga kamaydi, Xitoy brendlari savdosi esa 48 foizga oshdi

2026-yilning dastlabki oʻn oyida Oʻzbekistonda yangi avtomobillar savdosi 6,5 foizga kamaydi, Chevrolet ulushi esa 74 foizgacha tushdi. Chevrolet yoʻqotgan ulushning asosiy qismini Xitoy brendlari, birinchi navbatda BYD egallamoqda.

Статья доступна на русском языке.

Oʻzbekiston avtomobil biznesi assotsiatsiyasi (ABA) maʼlumotlariga koʻra, 2026-yilning yanvar-oktabr oylarida Oʻzbekistonda 318 949 ta yangi avtomobil sotildi. Bu 2025-yilning shu davridagidan 22 257 taga (6,5 foizga) kam.

Bozor qisqarganiga qaramay, Xitoy brendlari savdosi oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 48,2 foizga oshdi. Oʻn oyda Xitoy brendlarining qariyb 59 ming avtomobili sotildi. Xitoy brendlarining bozordagi ulushi 18,4 foizga yetdi.

Oktabrda avtomobil savdosi oʻtgan yilgidan qariyb 12 foiz kam boʻldi

Oktabrda 36 176 ta yangi avtomobil sotildi. Bu 2025-yil oktabridagidan qariyb 12 foiz kam, sentabrdagidan esa 6,3 foiz koʻp.

Chevrolet ulushi 74 foizgacha tushdi

Oʻn oy yakunlariga koʻra Chevrolet 74 foiz ulush bilan bozordagi yetakchiligini saqlab qoldi. Biroq oʻtgan yilning shu davriga nisbatan uning ulushi 7,8 foiz punktga kamaydi.

Yanvar-oktabr oylarida qariyb 236 ming Chevrolet avtomobili sotildi. Bu oʻtgan yilgidan qariyb 43 ming dona kam.

Chevrolet savdosining pasayishiga eng koʻp Cobalt taʼsir qildi: toʻqqiz oy yakunlariga koʻra uning savdosi 27 foizga kamaygan.

Ikkinchi oʻrinda Kia, Chery va Haval avtomobillarini yigʻadigan ADM Global turibdi: uning ulushi 12,3 foiz (+1,5 foiz punkt). Uchinchi oʻrinda BYD: 10,7 foiz (+5,1 foiz punkt).

Xitoy brendlari ulushi 18,4 foizga yetdi, BYD qariyb 34 ming mashina sotdi

Chevrolet ulushi 7,8 foiz punktga qisqargan bir paytda Xitoy brendlarining ulushi 6,8 foiz punktga oshdi. Shundan 5,1 foiz punkti BYD hissasiga toʻgʻri keladi.

BYD oʻn oyda qariyb 34 ming avtomobil sotdi. Oʻtgan yilning shu davrida bu koʻrsatkich 19 ming atrofida edi.

Oktabrda qaysi brend va modellar savdosi oshdi, qaysilari kamaydi

Oktabrda sentabrga nisbatan Soueast (+75,3 foiz), Geely (+29,8 foiz), Chevrolet (+13,4 foiz) va Chery (+9,1 foiz) savdosi oshdi. Deepal (62,7 foiz), Changan (61,3 foiz), Li Xiang (51,4 foiz) va Haval (47,1 foiz) savdosi esa keskin tushdi.

Savdosi eng koʻp oshgan modellar: Chevrolet Cobalt (+2 175 ta), Chevrolet Damas (+1 843 ta), BYD Song Plus DM-i Champion (+496 ta), BYD Yuan Up DM-i (+246 ta) va Soueast S08 DM (+195 ta).

Savdosi eng koʻp kamaygan modellar: BYD Chazor Champion (820 ta), Kia Sonet (506 ta), Chevrolet Tracker (456 ta), Haval Jolion (325 ta) va Chevrolet Labo (268 ta).

Hududlar boʻyicha avtomobil savdosi: Toshkentda 92 567 ta mashina sotildi

Oʻn oyda eng koʻp yangi avtomobil Toshkent shahrida sotildi: 92 567 ta. Bu mamlakat boʻyicha jami savdoning 29 foizi.

Keyingi oʻrinlarda Samarqand (25 899 ta) va Fargʻona (25 132 ta) viloyatlari turibdi.

Eng kam avtomobil Sirdaryo viloyatida (4 952 ta) va Qoraqalpogʻiston Respublikasida (9 384 ta) sotildi.

↑
Exit mobile version