BYD Chazor 30 mln so’mdan ko’proqqa arzonlashdi

BYD Chazor UzPride 55KM Luxe narxi 255,9 mln so'm etib belgilandi. Avvalgi Chazor Champion 55KM Luxe 288,1 mln so'm turardi. Avtomobil 32,2 mln so'mga arzonlashdi.

BYD Chazor UzPride: narx pasaydi, jihozlar saqlanib qoldi

BYD Uzbekistan zavodida ishlab chiqarish yanada mahalliylashtirildi, va bu safar narx ham pasaydi. Ilgari zavodga berilgan imtiyozlar va davlat ko’magi mashina narxida deyarli sezilmasdi. UzPride versiyasi chiqishi bilan mahalliylashtirishning foydasi nihoyat xaridorga ham yetib keldi.
Model Narxi
Chazor Champion 55KM Luxe 288 100 000 so’m
Chazor UzPride 55KM Luxe 255 900 000 so’m
Narxdagi farq 32 200 000 so’m

Nomi o’zgargan bo’lsa-da, 55KM Luxe komplektatsiyasining jihozlari kamaytirilmagan. Sotuvda ikkita versiya qoldi: UzPride 55KM Luxe va Champion 120KM Flagship.

Ikkala versiyada ham quyidagilar bor: HD sifatli 360 darajali kameralar, haydovchi o’rindig’ining elektr sozlanishi, kalitsiz kirish, NFC kalit-karta, masofadan ishga tushirish, shuningdek yon ko’zgularning elektr buklanishi va isishi.

Luxe va Flagship: farqi nimada

Flagship versiyasining asosiy afzalliklari: kattaroq batareya, kuchliroq elektromotor, elektron haydovchi yordamchilari, old o’rindiqlar isitkichi va 17 kVt quvvatlik zaryadlash porti.

Luxe bilan Flagship o’rtasidagi narx farqi taxminan 60 million so’mni tashkil qiladi. Bu qo’shimcha pulning katta qismi xavfsizlik tizimlari va elektrda yura oladigan masofa uchun to’lanadi.

Jihoz UzPride 55KM Luxe Champion 120KM Flagship
Kruiz-nazorat Oddiy Moslashuvchan
Yo’l chizig’ida ushlab turish Yo’q Bor
Yo’l chizig’idan chiqib ketish haqida ogohlantirish Yo’q Bor
Avtomatik favqulodda tormozlash Yo’q Bor
Piyodalar va yo’l belgilarini aniqlash Yo’q Bor
Ko’r nuqtalarni nazorat qilish Yo’q Bor
Orqadan kelayotgan ko’ndalang harakat haqida ogohlantirish Yo’q Bor
HD 360° panoramali kameralar Bor Bor
Haydovchi o’rindig’i 6 yo’nalishda elektr sozlanadi 6 yo’nalishda elektr sozlanadi, isitkichi bor
Old yo’lovchi o’rindig’i 4 yo’nalishda qo’lda sozlanadi 4 yo’nalishda elektr sozlanadi, isitkichi bor
Yon ko’zgularning elektr buklanishi va isishi Bor Bor
Kalitsiz kirish, NFC kalit-karta va masofadan ishga tushirish Bor Bor
Markaziy ekran 12,8 dyuym 12,8 dyuym
4G, Wi-Fi, Bluetooth va OTA yangilanish Bor Bor
Dinamiklar soni 6 ta 8 ta
Iqlim tizimi Bir zonali Ikki zonali
Orqa o’rindiqlar uchun havo kanallari Bor Bor
Telefon uchun simsiz zaryadlagich Yo’q Bor
Type 2 kabeli Bor Bor
Tashqi qurilmalarni quvvatlash uchun V2L funksiyasi Yo’q Bor
Ko’chma V2L zaryadlash stansiyasi Yo’q Bor
Zaryadlash portlari quvvati 3,3 kVt 3,3 va 17 kVt

Texnik xususiyatlari

UzPride 55KM Luxe va Champion 120KM Flagship bir xil kuzovga va 1,5 litrli benzin dvigateliga ega. Asosiy farq elektromotor, batareya sig’imi va elektrda yura oladigan masofada.

Xususiyat UzPride 55KM Luxe Champion 120KM Flagship
O’lchamlari 4780 × 1837 × 1495 mm 4780 × 1837 × 1495 mm
G’ildiraklar bazasi 2718 mm 2718 mm
Oldingi/orqa g’ildirak izlari 1580/1590 mm 1580/1590 mm
Eng kichik burilish radiusi 5,5 m 5,5 m
Yoqilg’i baki 48 litr 48 litr
Shina o’lchami 225/60 R16 215/55 R17
Benzin dvigateli hajmi 1,5 litr 1,5 litr
Benzin dvigateli quvvati 81 kVt, 6000 ayl./daq. 81 kVt, 6000 ayl./daq.
Benzin dvigateli momenti 135 N·m, 4500 ayl./daq. 135 N·m, 4500 ayl./daq.
Elektromotor quvvati 132 kVt 145 kVt
Elektromotor momenti 316 N·m 325 N·m
Batareya sig’imi 8,3 kVt·soat 18,3 kVt·soat
Elektrda yurish masofasi (WLTC) 46 km 101 km
Elektrda yurish masofasi (NEDC) 55 km 120 km
0 dan 100 km/soatgacha tezlanish 7,9 soniya 7,3 soniya
Batareya quvvati tugagandagi sarf (WLTC) 3,8 l/100 km 3,8 l/100 km

BYD Chazor’ni kreditga olish

Chazor UzPride 55KM Luxe’ni kamida 25 foiz boshlang’ich to’lov bilan avtokreditga olsa bo’ladi. Kredit muddati 36 yoki 60 oy, yillik stavka esa 11,9 foizdan boshlanadi.

Boshlang’ich to’lov 50 foiz va muddat besh yil bo’lsa, oylik to’lov taxminan 2,84 million so’mni tashkil qiladi. Boshlang’ich to’lov 25 foiz bo’lsa, oyiga taxminan 4,66 million so’m to’lash kerak bo’ladi. Sug’urta xarajati bu summalarga kiritilmagan.

Exit mobile version