Avtokredit Sug’urta: narxi, nima uchun kerak, majburiymi yoki ixtiyoriy? Sug’urtani to‘lamaslik mumkinmi?
Avtokredit olganingizda faqat foiz emas — majburiy sug’urta uchun ham katta pul to’laysiz. Bu qonun talabimi? Pulni qaytarish mumkinmi? Sug’urta nega faqat bank manfaatini himoya qiladi? Ushbu maqolada hammasini batafsil tushuntiramiz.
Avtokredit sug’urtasi nima va nega bu siz uchun muhim?
O’zbekistonda avtomobil kreditiga murojaat qilgan har bir haydovchi tezda tushunadi: bank mashina olishga yordam berishi mumkin, lekin buning evaziga majburiy sug’urta talab qiladi. «Avtokredit sug’urtasi» deb ataladigan ushbu sug’urta turi ko’p hollarda kreditning ajralmas qismiga aylanadi.
Banklar xavfni minimallashtirish uchun mijozdan kredit miqdorining 120% gacha bo‘lgan summada mulkiy va moliyaviy xavflarni sug’urtalashni talab qiladi. Bu holat ko‘pincha «majburan taklif qilinadigan xizmat» sifatida baholanadi. Ya’ni, mijozda tanlov yo‘q: agar siz sug’urta rasmiylashtirmasangiz — kredit ham bo‘lmaydi.
Avtokredit sug’urtasi: bu nimaga kerak?
Sug’urta bank manfaatlarini himoya qilish uchun joriy etiladi. Mashina hali garovga olinmagan holatda — ya’ni xaridorga topshirilishidan avval — sug’urta bankni qarz qaytarilmasligidan himoya qiladi. Avtomobil garov sifatida rasmiylashtirilgach, sug’urta uni quyidagi holatlardan himoya qiladi:
-
YTH (yo’l-transport hodisasi);
-
O’g’irlik;
-
Yong’in;
-
Tabiiy ofatlar va boshqa zararli ta’sirlar.
Ammo esda tuting: sug’urta kompaniyasi, birinchi navbatda, bank manfaatini ko‘zlaydi. Mashina to‘liq yo‘qotilgan holatlarda (masalan, yonib ketgan yoki o‘g‘irlangan), to‘lov avvalo bankka amalga oshiriladi. Faqat qolgan qismi mijozga qaytariladi — agar qolsa.
Sug’urta — qonuniy talabmi yoki bankning sharti?
Avtokredit sug’urtasi O’zbekiston qonunchiligida majburiy emas. Ya’ni, huquqiy nuqtai nazardan bu xizmat ixtiyoriyhisoblanadi. Biroq, amaliyotda deyarli barcha banklar sug’urtasiz kredit bermaydi. Bu esa ushbu xizmatni de-fakto majburiyga aylantiradi.
Banklar xavfni kamaytirish uchun mijozdan kredit miqdorining 120% gacha bo‘lgan summada mulkiy va moliyaviy xavflarni sug’urtalashni talab qiladi. Bu holat ko‘pincha «majburan taklif qilinadigan xizmat» sifatida qaraladi.
Avtokredit sug’urta narxi qancha turadi?
Sug’urta narxi yillik 0.6% dan 1.8% gacha bo’lishi mumkin. Lekin bu foizlar quyidagi omillarga bog’liq:
-
Kredit muddati;
-
Bank va sug’urta kompaniyasi o’rtasidagi bitim;
-
Mijozning moliyaviy ishonchliligi.
Misollar:
-
Daromadi tekshirilmaydigan kreditlar bo‘yicha sug’urta 5 yilga 8% gacha bo’lishi mumkin.
-
Yaxshi tekshiruvdan o‘tgan mijozlar uchun esa atigi 2.5% bo’lishi mumkin.
Kredit muddatidan oldin yopilsa, sug’urta puli qaytadimi?
Ha, qaytadi — lekin siz ariza yozishingiz kerak.
Fuqarolik kodeksiga (948-modda) ko‘ra, agar sug’urta muddati tugamagan bo‘lsa va sug’urta xatari ortiq mavjud bo’lmasa, qolgan pul proportsional ravishda qaytarilishi kerak.
Qanday qilish kerak:
-
Sug’urta kompaniyasiga yozma ariza berasiz.
-
Shartnomani bekor qilishni va ortiqcha mablag’ni qaytarishni so’raysiz.
-
Rad javobi olsangiz, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasiga murojaat qilishingiz mumkin.
YTH sodir bo‘lsa nima qilish kerak?
Agar sug‘urtalangan avtomobil bilan yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lsa, quyidagilarni bajaring:
-
Mashinani to‘xtating, xavfli holatni bildiruvchi belgini qo‘ying.
-
Tegishli idoralarga xabar bering (YHXB, FVV, ROVD — hodisa turiga qarab).
-
Sug’urta kompaniyasiga darhol qo‘ng‘iroq qiling, ulardan yordam yoki maslahat so‘rashingiz mumkin.
-
Hodisani rasm va video orqali hujjatlashtiring, guvohlar bo‘lsa — ularning ma’lumotlarini yozib oling.
-
Zararni mustaqil baholovchi orqali aniqlating, hujjat va cheklarni saqlang.
-
YHXB rasmiy xulosa beradi, mashinani ta’mirlash uchun ruxsatnoma yozadi.
-
Barcha hujjatlar bilan sug’urta kompaniyasiga murojaat qiling — ular 15 kun ichida qaror chiqaradi va 5 ish kuni ichida to‘lov amalga oshiriladi.
Yakuniy xulosa
Avtokredit sug‘urtasi ba’zida ortiqcha xarajatdek ko‘rinadi. Lekin u kutilmagan yo‘qotishlardan himoya qilishi mumkin. Eng asosiysi — sug‘urta sizning emas, bank manfaatlarini himoya qiladi. Shuning uchun:
-
Kredit yopilsa — sug‘urtani bekor qilishni unutmang.
-
Hodisa bo‘lsa — harakatlaringizni to‘g‘ri rejalang.
-
Shartnoma shartlarini diqqat bilan o‘qing va huquqlaringizni biling.